5 октября 2026 г. 11:22
🎬Видео
👆👆👆
Talabalardan biri hammaga oyna tutgandek bo‘ladi:
«Men ishlamay tishlayman, o‘qimay institutga kiraman, sevgiga munosib bo‘lmay sevaman, bolani qanday tarbiya qilishni bilmay xotin olaman, o‘lishga arzimay o‘laman».
Yoki yana bir qahramon shunday deydi:
«Buvim necha yoshga kirganini bilmayman, har holda onam emas-ku. Nega buvim o‘lsa ham siqilmay qo‘yganim uchun siqilyapman?»
Tanish hislarmi? Menga tanish. Menimcha, hamma o‘zini qisman yoki to‘liq topadigan gaplar bu.
Spektakl shiorlaridan biri bo‘lgan «Men o‘lmaganman, lekin yashayotganim ham yo‘q» degan gap ham yurakka o‘rnashdi.
Men uchun kashfiyot bo‘lgan aktyor – kichkina dirijyor. U jadidlarga turli ayblovlar qo‘yayotgan sovet hukumati obrazida. Qizil rangdagi, qonga botgan kostyum-shim kiygan. U goh hammani o‘z qo‘shig‘iga o‘ynatadi, goh hammaning qo‘liga obakidandon berib chalg‘itadi, hammani pufak yolg‘onlarga ishontiradi, goh «ota» obraziga kirib, qizining barcha orzu-istaklarini bilib olgach, oyog‘i tagidagi stulni itarib yuboradi...
Aktyorlarning har biri sidqidildan, favqulodda kuchli muhabbat bilan, yoshlikka xos zavqu shavq bilan og‘ir rollarni ijro etishdi. Shu yoniq energiya oldida jim o‘tirib tomosha qilish ham oson bo‘lmadi.
«Qayerga qarama, haqiqat yo‘q».
Bu spektakl yakunida va yana bir-ikki o‘rinda kuylangan qo‘shiq. Men bu gap bilan bahslashgan bo‘larmidim?! Ha.
Haqiqat bor. Faqat har kimning o‘zining haqiqati bor.
Hammamizniki bo‘lgan, mutlaq haqiqat yo‘q.
Spektakldan so‘ng dugonam bilan yomg‘ir shukuhida, oynavand qahvaxonada limonli choy va ikkita blinchik buyurtirib, maydalab yarim soatcha suhbatlashib o‘tirdik.
Mavzularimiz Abduvahob Murodiy taqdiridan boshlanib, o‘zimizning maishiy mavzularga ulandi, keyin yanada maydalashib ketdik. Dunyoni qutqarish missiyasi uyga borib, qizimni cho‘miltirib, ertaga bog‘chaga tayyorlash tashvishiga ulanganda tarqalishdik.
Asosiysi, «qo‘rqma»sdan spektaklga vaqt ajratib, 1 soat oliy tuyg‘ularni sog‘inib yashaganim bo‘ldi. Buning uchun «Millat teatri»ga, jamoasiga katta rahmat. Bravo, yoshlar!
5 октября 2026 г. 11:21
🎬Видео
«Men ishlamay tishlayman, o‘qimay institutga kiraman, sevgiga munosib bo‘lmay sevaman, bolani qanday tarbiya qilishni bilmay xotin olaman, o‘lishga arzimay o‘laman».
«Millat teatri»ning «Qo‘rqma» spektaklidan
Kecha, 4-oktabr (Shahnoza Soatova yozganidek, bundan 88 yil muqaddam Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon o‘ldirilgan kun)
oqshomida Toshkentda shivalab, shivirlab, nihoyatda yoqimli yomg‘ir yog‘ayotgandi.
Taksida ketayotib, yakshanbaning halovatini his qildim. Hech qanday tadbirga, hech qanday mas’uliyatga, syomkaga, suhbatga shoshmasdan, qayergadir, ehtimol... ko‘ngil tomon yo‘l olishni odam sog‘inibdi. Anchadan beri qilmagan ishimni qildim. Men spektakl ko‘rgani bordim!
Bir kun avval «Millat teatri»ning badiiy rahbari O‘lmas Temur Instagramdan yozib qolgandi: «Opa, yopiq spektaklimiz bor, o‘zingiz bilan mehmon olib kelsangiz bo‘ladi».
«Qo‘rqma» sound drama – yozuvchi Javlon Jovliyevning shov-shuvli «Qo‘rqma» romani asosida sahnalashtirilgan, «Millat teatri»ning ilk katta asari.
«Diydor», «Ilhom» repertuarlarini ko‘rgan odamlar eksperimental teatrlar haqida tasavvurga ega. Oxirgi vaqtlarda shunday ijodiy erkin jamoalar ko‘paydi. Hali o‘zim bormagan bo‘lsam ham, «Shamsiqamar» teatr studiyasi haqida eshitganman. Ko‘pchilik maqtayapti ham.
«Millat teatri» – bular orasidagi eng yosh underground teatr. Ya’ni tom ma’noda ham u Qatortoldagi book.uz do‘koni yerto‘lasida joylashgan. Noodatiy bino, sahna bo‘lmagan «sahna» va kichik auditoriya teatrga rasmiylikdan xolilik, mustaqillik beradi. Bu eksperimental studiyaning ochilishiga sabab bo‘lgan voqea esimda. 2024-yil 14-fevralda Prezidentning yoshlar bilan uchrashuvida aktyor O‘lmas Temur shunday taklif bilan chiqqandi. Prezident buni qo‘llab-quvvatlagan. Bilishimcha, bu ilk katta ish. Bungacha she’riy spektakllar, monospektakllar qo‘yilgan.
«Tan olaman bor moddangni, otamni tinch qo‘y!»
– shu replika va unsiz vals bilan spektakl boshlanadi.
Agar siz «Qo‘rqma»ni avval o‘qigan bo‘lsangiz yoki Germaniyaga o‘qishga yuborilgan 70 jadid talaba tarixidan oz-moz bo‘lsa-da xabaringiz bo‘lsa, spektaklni yaxshiroq his qilasiz. Ammo umuman hech narsa bilmasangiz ham, spektakl siz uchun kuchli tizer bo‘ladi va to uyga ketguncha, ehtimol undan keyin ham, spektakl davomida aytilgan ism-familiyalar, 100 yil avvalgi voqealarni o‘rganishga ichingizda ishtiyoq uyg‘onadi.
Aktyorlarning dialoglari orqali tanishga urinaman. Bu aktrisa Maryamni o‘ynayaptimi yoki Xayrinisoni? Bunisi Abduvahob Murodiymi, yonidagi xotini Martami? Oxiri kimning kimligini qidirmay qo‘ydim. Chunki romanning o‘zida ham prototiplar aralash berilgan, spektaklda esa yanada murakkabroq: bitta aktyor bir vaqtning o‘zida bir necha obrazda namoyon bo‘lyapti. Bu an’anaviy dramaturgiyaga o‘rganganlar uchun biroz tushunarsiz bo‘lishi mumkin, lekin shunisi bilan bu teatr jozibali.
Rejissyor Abzal Xodjayev romandagi eng o‘tkir dialog va monologlarni sahnada qayta yashatgan. Aktyorlar juda serqirra: goh pianinoda, goh puflama cholg‘uda, goh barabanda chalib, kuylaydi, so‘zlaydi, emotsiyani ko‘rsatib beradi. Xoreograf ishiga ham tahsin aytdim, monologlar texnoraqslarga bog‘langan. Devorlarga sochilgan qog‘oz varaqlari, qip-qizil kursilar.
Hammasida ma’no bor.
«Qo‘rqoqni tug‘moqlik hali onalik emas! Millat qizlari, kelajak onalari, tug‘maguncha mard bolani to tinch qo‘ymang eringizni mudrashga, uxlashga, hatto tik turishga! Qarshimda o‘q, u tegar hali mard yigit qo‘li tegmagan ko‘ksimga...»
Bu monologni aktrisa juda hazin aytdi, juda yuvosh aytdi. Menimcha, aynan shu monolog qiyomiga yetkazilishi kerak. Matnning o‘zi shunchalik og‘ir, shunchalik olovliki, aktrisada o‘sha olovdan bir uchqun yetmagandek tuyuldi menga. Ishonamanmi, aktrisa spektakldan spektaklga ijroni o‘stirib boradi.
«Qo‘rqma» romanida eshakqurtlar haqida juda ko‘p o‘rinda aytilgan. «Eshakqurtlar vatanning, visolning va muhabbatning ustidan kulishadi». Baribir hamma o‘ladi va oxirida eshakqurtlarga yem bo‘ladi. Spektaklda atrofimizda yashayotgan, maslagimizni, hayotimizni, kelajagimizni yeb bitirayotgan parazit-eshakqurtlarga ishora bor.
👇👇👇
3 октября 2026 г. 18:30
Ta'lim tizimida yangi bosqich: ikki vazirlik birlashtirildi
Prezidentimiz tashabbusi bilan ikki vazirlik yagona Ta'lim va ilm-fan vazirligiga birlashtirildi. Islohotning asosiy g'oyalari haqida Prezident matbuot kotibi shunday izoh berdi:
– Ta’lim va ilm-fan vazirligi barcha bog‘cha, maktab, professional va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etishi va ularning operatsion jarayonlari uchun mas’ul bo‘lishi, ta’lim faoliyatiga qo‘yiladigan talablarni belgilashi, akkreditatsiyalash va litsenziyalash bilan shug‘ullanishi kerak;
– Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi o‘quv dasturlari, qo‘llanmalar va metodik materiallarni ishlab chiqadigan o‘ziga xos laboratoriya vazifasini bajarishi, ularni amaliyotga joriy etishi, natijalarini kuzatishi va aniqlangan kamchiliklar asosida takomillashtirib borishi kerak. Bu ishlar Prezidentimiz belgilab bergan "o‘zbek maktabi bitiruvchisining portreti"ga tayangan holda olib boriladi;
– Prezident Administratsiyasi va uning huzurida tashkil etiladigan alohida ishchi guruh yangi vazirlikning tuzilmasini ishlab chiqadi, ish jarayonlarini qayta ko‘rib chiqadi, ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi hamda islohotning umumiy strategiyasini belgilaydi;
– oliy ta’limda davlat aralashuvini keskin qisqartirish, oliygohlar mustaqilligini kengaytirish va nodavlat sektor uchun imkoniyatlar yaratish lozim, qaysi oliygoh sifatli ta’lim berayotganini esa erkin raqobat va bozor talabi ko‘rsatishi kerak.
1 октября 2026 г. 10:17
🖼Фото
Elektromobil uchun endi faqat mashhur bo‘lish shart emas
9 nafar yosh muhandis elektromobil bilan taqdirlandi. Lekin ularning “quroli” kamera yoki stadion emas, laboratoriya va muhandislik loyihalari bo‘lgan. “Kelajak muhandislari” tanlovida yoshlar samolyot simulyatori, intellektual havo mudofaa platformasi, bioenergetik qurilma, shisha mikrosferalar va sanoat shlakidan foydali metallarni ajratish kabi loyihalarni taqdim etgan.
Qiziq tomoni, elektromobil bu yerda shunchaki sovrin emas. Yoshga “sen yaratgan narsa kerak” degan signal ham bor. Balki bugun bolalardan “katta bo‘lsam kim bo‘laman?” deb so‘raganda, futbolchi qatorida muhandis, dasturchi yoki ixtirochi degan javoblar ham ko‘payishi uchun aynan shunday misollar kerakdir.
1 октября 2026 г. 5:38
🖼Фото
Bugun, 1-oktyabr "Ustoz va murabbiylar kuni"! 🎓✨
O'quv maskanlarida bilim berayotgan va hayotda to'g'ri yo'l ko'rsatayotgan barcha ustozlarimizga tashakkur bildiraman. Sizning sabringiz, sadoqatingiz va har bir o'quvchiga berayotgan e'tiboringiz tahsinga loyiq.
Bayramingiz muborak bo'lsin, aziz ustozlar! Mehnatlaringiz rohatini va shogirdlaringiz yutuqlarini ko'rish nasib etsin!👏🙌